Osakadagi “Expo 2025” doirasida barpo etilgan O‘zbekiston pavilioni birdaniga uchta nufuzli xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa loyiha qo‘lga kiritgan professional mukofotlar soni 17 taga yetdi.
11-iyun kuni Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan “ADC Awards” taqdirlash marosimida pavilion quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ikki oltin mukofotni qo‘lga kiritdi:
• “Exhibition – Museum & Pavilion Design” (muzeylar va ko‘rgazma pavilionlari dizayni);
• “Architecture, Public & Urban Design – Architectural Installations” (jamoat va shahar muhitidagi arxitektura installyatsiyalari).
Uchinchi yutuq esa “Architizer A+ Awards” xalqaro tanlovida qayd etildi. Xalqaro hakamlar hay’ati O‘zbekiston pavilionini “Cultural & Expo Centers” (Madaniyat va ekspozitsiya markazlari) nominatsiyasida eng yaxshi loyiha deb e’tirof etishdi.
Bundan tashqari, loyiha dunyoning eng sara me’moriy ishlari jamlanadigan “Architizer: The World's Best Architecture” yillik nashridan ham o‘rin oladi.
Mazkur yutuqlar pavilionning me’moriy va ekspozitsion yechimlari yuksak professional darajada amalga oshirilganini yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, ular O‘zbekistonning jahon madaniy va me’moriy maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.