18-iyun kuni Sankt-Peterburgdagi Konstantinov saroyida MDH davlatlari hukumat rahbarlari ishtirokida Madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda kreativ va ijodiy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman gumanitar hamkorlik, madaniy merosni asrash va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Konferensiya doirasida “Hamdo‘stlik makonida kreativ sanoat davlatlararo hamkorlik kun tartibida” mavzusida sho‘ba muhokamasi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov ishtirok etdi. U o‘z chiqishida O‘zbekistonning kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish tajribasini taqdim etib, sohaning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va zamonaviy kreativ sanoatni rivojlantirishda madaniy merosning o‘rni haqida so‘zladi. Munozara ishtirokchilari madaniyat va kreativ iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar, O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan tajriba esa xalqaro ekspertlar va konferensiya ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi.