YUNESKO qarorgohida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning YUNESKO Umumjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar Samarqand va Buxorodagi umumjahon merosi obyektlarini asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan YUNESKO/IKOMOS qo‘shma missiyasi yakunlarini muhokama qildilar.

Bunda alohida e’tibor maskanlarning aslliligi va salobatli umumbashariy qiymatini saqlash tamoyillariga to‘liq rioya etgan holda qulaylik va xavfsizlikni oshirishga yo‘naltirilgan Samarqand shahridagi hududlarni obodonlashtirish va ko‘rgazma ekspozitsiyalarini tashkil etish loyihalariga qaratildi.