24-noyabr kuni Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchi davlatlari Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi o‘z ishining ikkinchi bosqichini boshladi.

Sessiyaga O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNESKO bo‘yicha Milliy komissiya raisi Gayane Umerova boshchilik qilmoqda. Tadbir 11-noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi doirasida boshlangan ishlarning uzviy davomidir.

Majlisda kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, Butunjahon merosi qo‘mitasiga yangi a’zolar saylash, shuningdek madaniy va tabiiy merosni asrash bo‘yicha kelgusidagi yo‘nalish va vazifalarni belgilab beruvchi hisobotlar hamda tahliliy materiallar muhokama etilmoqda.