Pekin shahrida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat vaziri Sun Yeli bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, so‘nggi yillarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar, shu jumladan, Gugun imperator saroyidagi ko‘rgazmalar va Pekindagi Xitoy Milliy opera teatri sahnasida “Lazgi” baletining sahnalashtirilishini qayd etdilar.

Alohida e’tibor bo‘lajak tashabbuslar: SHHT xalqaro ko‘rgazmasi, Gugun va Shanxay milliy muzeyidagi arxeologik ekspozitsiya hamda qo‘shma madaniy loyihalar, ular orasida “Turandot” operasini sahnalashtirish va maestro Lan Lang bilan hamkorlikka qaratildi.

Shuningdek, 5-sentabrdan 20-noyabrga qadar “Qalblar dardiga darmon” mavzusidagi birinchi Buxoro biyennalesi bo‘lib o‘tishi, uning doirasida 3 nafar xitoylik rassom o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan qo‘shma loyihalarni taqdim etishlari ta’kidlandi. Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ladi.