4-noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning YUNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori Lazare Elundu Assomo bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniy merosni asrab-avaylash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvning bosh mavzusi 11-noyabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida hamda 2025-yil 24-25-noyabr kunlari Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi davlatlari Bosh assambleyasining 25-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘ldi.
