YUNESKOning  Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish  Hukumatlararo Qo‘mita yig‘ilishining 19-sessiyasi joriy yilning 2-7-dekabr kunlari Asunsion shahrida  (Pragvay) bo‘lib o‘tmoqda. 4-dekabr kuni tashkil etilgan qo‘mita yig‘ilishida Rubob yasash va ijrochilik san’ati ko‘pmillatli nomzodnoma barcha a'zo davlatlarining bir ovozdan qabul qilgan qarori bilan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Qo‘mita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubi-g‘arbiy Osiyo hududlaridagi eng qadimiy musiqa asboblaridan biri sifatida e'tirof etilgan.

Nomzodnoma hujjati Milliy komissiya kotibiyati tomonidan Madaniyat vazirligining mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlangan. Mazkur element O‘zbekiston Respublikasidan YUNESKO ro‘yxatidan joy olgan 16-element hisoblanadi.

Elementning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi xalqaro hamda milliy darajada uning  ahamiyati haqida xabardorlikni oshirishga, elementni a’zo-davlatlar bilan hamkorlikda muhofaza qilishga va kelgusi avlodga yetkazishda yordam beradi.