Bugun Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez Xonim Oliyalari bilan uning diplomatik missiyasini yakunlashi munosabati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar hamkorlik natijalarini, jumladan, Luvr va Arab dunyosi institutidagi keng ko‘lamli ko‘rgazma loyihalari, Fransiya Milliy madaniy meros instituti (INP) bilan muzey osori atiqalarini restavratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni sarhisob qildilar. Shuningdek, 2028-yilda Grand-Pale va Arab dunyosi institutidagi ko‘rgazmalarga tayyorgarlik ko‘rish hamda O‘zbekiston Milliy simfonik orkestrining Fransiyaga sayyor safarini uyushtirish masalalarini muhokama qildilar.
Gayane Umerova Oreliya Bushez xonimga O‘zbekiston-Fransiya madaniy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik izhor etib, boshlangan tashabbuslarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.