Joriy yilda Samarqand mezbonlik qilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida ushbu lavozimga saylangan YUNESKO Bosh direktori Xolid al-Ananiy tanishuv tashrifi bilan Toshkentga keldi. Safar O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Tashrif davomida janob al-Ananiy poytaxtning qator madaniy va tarixiy maskanlari, jumladan, “Xalqlar doʻstligi” saroyi, badiiy almashinuv va ijodiy tashabbuslar uchun zamonaviy makon hisoblangan “Namuna” san’at qarorgohi, shuningdek, O‘zbekiston Milliy muzeyi loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Tashrif dasturidan Hazrati Imom ansambli, Islom sivilizatsiyasi markazi va “Suzuk ota” majmuasida o‘zbek amaliy san’ati an’analari asrab-avaylab saqlanib kelayotgan Madina Kasimbayevaning kashtachilik maktab-ustaxonasi bilan tanishuv o‘rin oldi. YUNESKO Bosh direktorining tashrifi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning boy madaniy merosiga, uning san’at va ta’lim sohasidagi zamonaviy tashabbuslariga qiziqishining muhim tasdig‘i bo‘ldi.