Beruniy nomidagi YUNESKO-O‘zbekiston mukofoti doirasida “The UNESCO Courier” jurnalining “Abu Rayhon Beruniy: serqirra alloma” nomli maxsus soni ingliz va oʻzbek tillarida nashr etildi. Ushbu son Sharqning buyuk olimi Abu Rayhon Beruniy merosiga bag‘ishlangan bo‘lib, u jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan va uning kashfiyotlari zamonaviy ilm-fan va madaniyatning deyarli barcha sohalarida qo‘llanilib kelinmoqda.

Joriy son ikki bo‘limdan iborat: unda jahon tadqiqotchilarining o‘rta asrlik olimning hayoti va ilmiy faoliyatining turli jihatlariga bag‘ishlangan, aynan shu jurnal tomonidan 1974-yilda Beruniy tavalludining 1000 yilligi munosabati bilan nashr etilib, dunyoning 15 tiliga tarjima qilingan arxiv materiallaridan tashkil topgan. Boshqa qism esa jurnal tahririyati tomonidan ochiq xalqaro tanlov asosida saralab olingan Beruniy merosi bo‘yicha zamonaviy mutaxassislarning dolzarb madaniyatshunoslik va antropologik maqolalarini o‘z ichiga olgan. Jurnalning maxsus soni onlayn shaklda ingliz (https://unesdoc.unesco.org/ark:/48223/pf0000396272) va o‘zbek (https://unesdoc.unesco.org/ark:/48223/pf0000396272_uzb) tillarida mavjud.

Jurnal 1948-yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti tomonidan har chorakda chop etib kelinadi. Ushbu maxsus son “The UNESCO Courier” tahririyati va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi olimlarining umumiy tahriri ostida nashrga tayyorlandi.