Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov Bokuda boʻlib oʻtgan COP29 konferensiyasida “Madaniyat muassasalarida ekologik kun tartibini shakllantirish” sho‘ba muhokamasida soʻzga chiqdi. U barqaror rivojlanish Jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanib, tabiiy va madaniy merosni asrab-avaylashga doir madaniy loyihalarda ekologik xabardorlikni qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Xususan, 2025-yil 5-sentabrda o‘z ishini boshlaydigan Buxoro biennalesi misol tariqasida keltirildi. Ushbu tadbirga mo‘ljallangan barcha san’at asarlari mahalliy xom-ashyolardan foydalangan holda yaratilib, issiqxona gazlari emissiyasini imkon qadar qisqartirish, barqaror ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Biennale turfa sanʼat turlarini birlashtirib, atrof-muhit va madaniy qadriyatlarni jamoatchilikka yetkazish maydoniga aylanadi.
O‘z nutqini yakunlar ekan Elmurod Najimov ekologik tafakkurni dunyo miqyosida yuksaltirishga xizmat qiluvchi xalqaro hamkorlik muhim ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jamg‘armaning Buxoro biennalesi kabi loyihalari madaniy meros, barqaror rivojlanish va ijodkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan holda kelajak avlodlar uchun mustahkam zamin yaratadi.