O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli multimediya ko‘rgazmasi o‘z ishini yakunlaganini ma’lum qiladi. 2024-yil 18-iyulda Tashkent City Mall majmuasida ochilgan ushbu ko‘rgazma 2025-yil 3-dekabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida tomoshabinlarni qabul qildi.
Loyiha 1920-yillarda Yevropada tahsil olgan Turkistonlik 73 nafar talabaning taqdiri, ularning iztiroblari, orzu-umidlari va yangicha dunyoqarashlarini hikoya qilib berdi. Ko‘rgazmada turli manbalardan to‘plangan 300 dan ortiq noyob arxiv materiallari — hujjatlar, maktublar va suratlar ilk bor jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Ko‘rgazma yopilgach, mazkur maydonda yangi multimediya loyihasiga tayyorgarlik ishlari boshlanmoqda. Jamg‘arma yaqin kunlarda navbatdagi loyiha haqida batafsil ma’lumot taqdim etadi.
