Pavilion loyihasi gana va shotlandiyalik me’mor va yozuvchi, XVIII Xalqaro me’morchilik ko‘rgazmasi muhofizi Lesli Lokko tomonidan taklif etilgan bu yilgi Venetsiya biennalesining “Kelajak laboratoriyasi” mavzusi bilan hamohang tarzda muloqotga kirishadi.
“O‘zbekiston boy va rang-barang madaniy merosga ega mamlakat bo‘lib, uning an’anaviy hunarmandchiligi va qadimiy me’moriy inshootlari, xususan, qo‘rg‘onlari bu merosning muhim qismidir. Butun mamlakat bo‘ylab qad rostlagan qal’alar o‘zbek xalqining matonati va qudratining bardavom timsoli bo‘lib, mamlakatning uzoq va serqirra tarixidan dalolatdir.
Venetsiya arxitektura biennalesida biz ushbu qo‘rg‘onlarning go‘zalligi va ahamiyatini jahon jamoatchiligiga namoyish etish hamda hunarmandchiligimizning boy ekani va o‘zbek xalqining mahorati haqida hikoya qilish imkoniga egamiz.
Biennaleda, shuningdek, biz butun dunyo bo‘ylab madaniy meros obyektlarini saqlash va himoya qilishdek muhim mavzuga murojaat qilmoqchimiz. Toki kelajak avlodlar ularni o‘rganish orqali o‘z tarixi, ajdodlari erishgan ulkan yutuqlarni yodga olsin”, – Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri
“Unbuild Together” deb nomlangan ko‘rgazma O‘zbekiston me’moriy merosining turli ufqlariga bag‘ishlangan. Tadqiqot ko‘rgazma loyihasi ertangi dunyoni loyihalashtirish va bugungi kunni birgalikda qayta qurish uchun zarur vositalarni izlash uchun o‘tmishga sho‘ng‘iydi.
Loyiha Qoraqalpog‘istonning qadimiy qal’alari xarobalari, Xorazm tamadduni merosi va o‘zbek me’morchiligining asosiy qurilish ashyosi hisoblangan an’anaviy g‘isht tayyorlash texnologiyasini o‘rganish masalalariga qaratilgan.
Toshkent shahridagi Adju universiteti tadqiqot hamkori sifatida ishtirok etdi. 2023-yilning yanvar oyida “Studio KO”, Adju universiteti talabalari va Toshkentdagi professor va o‘qituvchilar ishtirokida O‘zbekistonda qator amaliy mashg‘ulotlar, dala tadqiqotlari va nazariy bahs-munozaralar turkumi o‘tkazildi.
Adju universiteti yuqori sifatli tadqiqot va ta’limi bilan nom qozongan nufuzli o‘quv dargohidir. Adju universiteti bilan hamkorlik O‘zbekistonning yetakchi olimlari va tadqiqotchilari tajribasidan foydalanish hamda universitet talabalarini o‘zlarining yangi ko‘zqarash va g‘oyalarini loyihani puxta ishlab chiqishga jalb etish imkonini beradi. Butun ko‘rgazma davomida Adju universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari izlanishlarning turli jihatlarida ishtirok etadilar hamda ko‘rgazmani boshqarish va qurilmalarni yaratishda ishtirok etadilar.
“Kelajak sari nazar tashlar ekanmiz, qadimiy merosimiz insoniyatning rivojlanish bosqichlari va me’morchilikning mushtarak taqdirlarimizni shakllantirishdagi o‘rnini idrok etishga yordam beradi. O‘tmishdagi jamiyatlarning me’moriy yodgorliklarini o‘rganish orqali biz ularning dunyoqarashini shakllantirgan qadriyatlar, e’tiqodlar va texnologiyalar haqida tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. Bu o‘z navbatida, zotan yanada a’lo kelajakni yaratish ustida ishlar ekanmiz o‘zimizning dizayn tanlovimiz va qarorlarni qabul qilishimizga ta’sir etishi mumkin.
Qadimiy qal’alar me’morchiligi va an’anaviy g‘isht ishlab chiqarishni qayta anglashga undovchi mazkur loyiha sharofati bilan o‘tmish bugungi kun va kelajakka naqadar ta’sir qilishi mumkinligi haqida fikr yuritishga tashrif buyuruvchilarni ilhomlantirishga umid qilamiz.
O‘zbekiston g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq tarixga ega bo‘lib, ko‘p asrlik vositalardan foydalangan holda tayyorlangan an’anaviy o‘zbek g‘ishtlari o‘zining mustahkamligi, puxtaligi va bejirimligi bilan dong taratgan. Ushbu g‘ishtlar nihoyatda bardoshli va asrlar davomida xizmat ko‘rsatishi mumkin, bu ularni chidamliligini taqozo etuvchi qurilish loyihalari uchun ajoyib tanlovdir. Ular, shuningdek, ekologik toza hisoblanib, tabiiy ashyolardan tayyorlanadi hamda ko‘p quvvat sarf bo‘luvchi ishlab chiqarish jarayonlarini taqozo etmaydi”, – Gayane Umerova, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori.
Toshkentdagi Adju universiteti talabalari va o‘qituvchilari bilan birgalikda “Studio KO” g‘isht, tuproq va loyning moddiyligini tadqiq etadi. Talabalar bilan olib borilgan nazariy ish va tajribalar, g‘isht yasash yo‘llari, uni qurish usullari va bezak turlarini qayta ko‘rib chiqish natijasida O‘zbekiston Milliy pavilionining o‘zgacha makonga xos yechimi vujudga keladi.
Kulolchilik ustasi va rassom Abdulvohid Buxoriy “Studio KO” bilan hamkorlikda koshinlash uslubidan foydalangan holda qurilmani yaratdi. Abdulvohid Buxoriy buxorocha moviy kulolchilik ustasi bo‘lib, bu yuz yildan ko‘proq vaqt davomida sal kam unutilib, deyarli mavjud bo‘lmay qolish asnosida qola yozgan uslubdir.
“Loyihada biz uchun eng asosiysi hamkorlik hisoblanib, yondashuvimiz markazida esa doimo inson turadi. Muhofizlar (Studio KO), tadqiqotchilar (Toshkent shahridagi Adju universiteti), hunarmandlar va rassomlar o‘rtasidagi fikrlar almashinuvi sharofati bilan jamoaviy ko‘rgazma yechimi hosil bo‘lib, bu esa favqulodda ijodkorlik uchun makon qoldiradi”, – Studio KO.
Ko‘rgazma 2023-yilning 20-mayidan 26-noyabrga qadar davom etadi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi milliy pavilion tashabbuskoridir.
Tashabbuskor
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qiladi. Jamg‘arma tasviriy san’at va me’morchilik, adabiyot, teatr, musiqa va raqs yo‘nalishlaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali milliy merosni yoyishga xizmat qiladi. Vazifamiz mamlakatimiz madaniyat muassasalarida inklyuziv va qulay muhit yaratish, muzeylarni restavratsiya va qayta tiklashga ko‘maklashish, san’atni qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantirish, san’at va madaniyat sohasida kasbiy ta’limni rivojlantirishdan iborat.
Muhofiz
Qarorgohlari Parij va Marrakeshda joylashgan Studio KO me’morchilik byurosi butun dunyoda joylarning zakovatidan ilhomlangan zamonaviy jamoat va turar-joy me’morchiligni yaratadi. Yolg‘iz qolipdagi uslublar yoki qandaydir tizimli vositalar bilan cheklanib qolmasdan, studiya muayyan yondashuvlar qadriyatlariga berilgan. Tabiat va mavjud madaniyatlarga nisbatan hurmat, keng estetik tavofutlarning mardonavor e’tirofi, hunarmandchilik va mahalliy malakaga nisbatan mulohazali e’tibor, puxtalik ustida doimiy izlanish. Me’morchilikdagi o‘zaro nomutanosibliklar uyg‘unligi. Ham mutaassib, ham iste’moldan chiqqan. Poydevordan tortib to nomdor iforgacha o‘zining betakrorligi va sir-asrorlarini kiborsiz kashf qila oluvchi sezgir me’morchilikdir.
Abdulvohid Buxoriy, musavvir, kulol ustasi
Abdulvohid Buxoriy 1977-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Navqiron talabalik chog‘ida u kulolchilik bo‘yicha ilk saboqlarini Vobkent viloyatining Uba qishlog‘ida yashovchi mashhur xalq kulol ustasi Boboyev ota va G‘ijduvon kulolchilik bilim yurti ustasi A.I. Narzullayevdan olgan. Taniqli kulol ustasi Fozil Mirzayev unga zamonaviy va an’anaviy o‘zbek kulolchiligi asoslarini o‘rgatgan va u keyinchalik P.P. Benkov nomidagi san’at maktabining kulolchilik fakultetini muvaffaqiyatli yakunlaydi. Abdulvohid taniqli rassomlarning kulolchilik asarlari va mahalliy o‘zbek ilmiy maktablari o‘quv dasturlari bilan tanishligi sharofati bilan o‘z sevgan kasbini tanlashga muvaffaq bo‘lgan. O‘shandan beri u Buxoroning ko‘k kulolchiligini qayta tiklash ustida mashg‘ul.
El Mehdi Azzam, yozuvchi, rejissyor
Ma’lumoti bo‘yicha muhandis bo‘lgan El Mehdi Azzam kino olamiga dastlab uni Marokash, keyin Fransiyada tahsil olib yuzlangan. Uning filmlari qator festivallar mukofotlariga sazovor bo‘lgan: San-Sebastyandagi Gran-pri, Cinémed Prix Jeune Public, Prix SACD, Prix Canal+. U Studio KO bilan uchta ijodiy filmda hamkorlik qilgan: “Almost KO”, “E”, “Tentative désespérée pour définir la patrie”. Hozirda u Jan Jores nomidagi Tuluza universitetida sun’iy idrokning kinematografiya tiliga estetik ta’siri mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yozmoqda.
Miza Muchcharelli, me’mor, haykaltarosh va andozachi
Italiyaning Breshiya shahrida tavallud topgan Miza Muchcharelli 2001-yilda Milan Politexnika institutini tamomlagan. O‘sha yili u Dominique Perrault Architecture’dagi model laboratoriyasiga rahbarlik qilish uchun Parijga ko‘chib keladi. U arxiv hujjatlarini tiklash va yangi modellarni yaratish ustida ishlab, so‘ng Pompidu markazida Perro bilan bog‘liq tarixni qayta gavdalantirgan. 2009-yilda u me’morchilik modellariga bag‘ishlangan o‘zining xususiy “Atelye Misto” studiyasiga asos soladi. Unda marmar, oniks va boshqa noyob toshlar, maxsus yog‘och, shisha va metallar bilan aralashgan qatron kabi qimmatbaho ashyolar tanlovi mohir ustalik bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. O‘z shaxsiy didiga monand pog‘onaga erishish uchun yangi uslub va ashyolarni doimo tajriba sinab, izlanib va uyg‘unlashtirib Miza o‘z chizmalarini makonlar mohiyati va ular bilan bog‘liq kechinmalarni aks ettiruvchi haykallar sifatida tasavvur qiladi. U 2015-yilgacha Parijdagi Ecole Nationale Supérieure des Arts Décoratif (ENSAD) va FEMIS oliy kinematografiya maktabida muallimlik faoliyatini olib borgan.
Tadqiqot hamkori
Toshkent shahridagi Adju universiteti 2020-yilda Koreya Respublikasining Ajou universiteti bilan hamkorlikda ta’sis etilgan. Adju universiteti bitiruvchilari muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot fanlari, biznes va xalqaro tadqiqotlar yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda ajoyib martaba va lavozimlarga erishishadi. Adju universiteti o‘zining ilg‘or xalqaro dasturlari va chet ellik talabalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan keng e’tirof etilgan, shuningdek u 65 mamlakatdagi 322 dan ortiq universitetlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlariga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yildagi farmoni bilan tashkil etilgan. Mirziyoyev . Jamg‘armaning vazifasi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyosda integratsiya qilish, madaniyat muassasalarida inklyuziv va qulay muhit yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni rivojlantirish, muzeylarni ta’mirlash, homiylikni rivojlantirish va shakllantirishdan iborat. muzeylar, teatrlar va boshqa madaniyat muassasalari uchun kadrlar. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, arxitektura, xoreografiya, kino kabi bir qancha yo‘nalishlarni qamrab oladi. Fanlararo yondashuvni qo'llagan va turli mamlakatlar mutaxassislarini birlashtirgan holda Fond MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari o'rtasida madaniy diplomatiyani rivojlantirishga ko'maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, saxovatpesha homiylikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun malakali xodimlarni shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.