Oʻzbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi Gayane Umerova “Ilgʻorlik mezoni: diplomatiya, muloqot va xilma-xillik” mavzu ostida oʻtgan 2024-yilgi Doha anjumanida soʻzga chiqdi. “Madaniyat qudrati: XXI asrda jahon diplomatiyasi” mavzusidagi shoʻba muhokamasi doirasida madaniyatni oʻzaro anglashuv va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan diplomatiyaning ustuvor vositasi sifatida targʻib qilish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi haqida taqdimot qilindi.

Oʻz nutqida Gayane Umerova Oʻzbekistonning madaniy diplomatiyani ilgari surishdagi noyob rolini ta'kidladi. Unda bo‘lajak Buxoro biennalesi, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi, arxivlarni raqamlashtirish hamda tarixiy merosni zamonaviy ijodiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishga koʻmaklashuvchi sanʼat qarorgohlari faoliyati singari tashabbuslar qayd etildi.

Alohida eʼtibor hukumat tomonidan Oʻzbekistonda kreativ sanoat tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlariga qaratildi. Shoʻba munozarasi O‘zbekistonning madaniyatni yuksaltirishdagi o‘ziga xos yo‘li namoyish etilgan, tajriba almashish uchun muhim maydonga aylandi.