Bugun Venetsiyada XIX Venetsiya meʼmorchilik biennalesidagi O‘zbekiston milliy pavilionining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning mazkur nufuzli xalqaro anjumandagi beshinchi marotaba ishtiroki doirasida betakror ilmiy obyekt — “Katta Quyosh Sandoniʼʼ majmuasiga bag‘ishlangan “Koʻzlarni qamashtiruvchi yogʻduʼʼ nomli loyiha taqdim etildi.

Pavilionda namoyishga qoʻyilgan ashyo va buyumlarda meʼmorchilik, ilm-fan, zamonaviy san’at hamda barqaror rivojlanishning dolzarb masalalarini birlashtirgan holda o‘zbek modernizmi merosi qayta tasavvur etiladi.

Ushbu loyihada markaziy o‘rinni geliokompleksni yaratish tashabbuskori, o‘zining mulohazali qarashlari va sa’y-harakatlari sharofati bilan mintaqadagi quyosh energiyasi sohasidagi eng yirik tadqiqotlardan biriga debocha yasagan akademik Sodiq Azimovning ilmiy merosi egallaydi.