O‘zbek miniatyurachi rassom Davlat Toshev O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining qo‘llab-quvvatlovi bilan Dohadagi Islom san’ati muzeyi (MIA) huzuridagi badiiy qarorgoh dasturida ishtirok etadi.

6–19-sentabr kunlari Davlat Toshev ijodiy safari doirasida mahalliy rassomlar va muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun Sharq miniatyura san’ati va “Abru-Bahor” an’anaviy uslubi bo‘yicha turkum mahorat darslarini o‘tkazadi.

Davlat Toshev o‘zbek miniatyurasi an’analarini amalda asrab-avaylab, rivojlantirib kelayotgan mohir ustalardan biridir. 2025-yilda birinchi Buxoro biyennalesi doirasida u “Gavkushon” madrasasida “Haft Avrang” (“Jannatning yetti rangi”) qurilmasini yaratib, tarixiy Buxoro makonidagi miniatyura an’analariga murojaat etgan.

Dohaga ijodiy tashrif Jamg‘armaning o‘zbek musavvirlari va ustalarini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston madaniy an’analarini xalqaro maydonda tamsil etish imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi faoliyatini davom ettiradi.