O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatrida rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi. “Archattacka” byurosi va “Imgineers” ustaxonasi tomonidan ishlab chiqilgan interyerlarning yangi g‘oyasi 1970-yillarning oxirida Valeriy Kuzlyanov boshchiligidagi me’morlar jamoasi tomonidan yaratilgan afsonaviy qasr qiyofasini davom ettiradi.

Loyihaning asosiy tamoyillaridan biri teatrning tarixiy badiiy bezagini asrab-avaylashdan iborat bo‘ldi. Amalga oshirilgan ishlar davomida Adelaida Pologovaning “Ertak shahar” haykaltaroshlik panoramasi, katta zalning cho‘yan eshiklari, tarixiy chiroqlar, Pavel Shimesning mexanik haykaltaroshlik kompozitsiyasi hamda bino fasadidagi mozaikali frizi restavratsiya qilindi. Shuningdek, teatr oldidagi favvoralarni bezab turgan Yuriy Kimning sopol qahramonlarini tiklash ishlari davom etmoqda.

Kelgusida teatrning yangilangan maydonlari yangi ertak qahramonlari bilan mazmun kasb etuvchi va teatrni yanada yuksaltirishning bir qismiga aylanadigan mavzuga oid xonalar va tokchalar bilan boyitiladi.