O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Fransiya Respublikasi madaniyat vaziri Katrin Pegar bilan uchrashdi. Tomonlar madaniyat sohasidagi qo‘shma loyihalar, jumladan, Toshkentda Fransiya madaniyat markazini ochish, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda madaniy merosni asrab-avaylash masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, o‘zbek raqs san’atiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tayyorlash va I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi kolleksiyasiga mansub o‘zbek avangardi ko‘rgazmasini Parijda o‘tkazish istiqbollari, Fransiyaning yetakchi madaniyat muassasalari bilan kelgusidagi hamkorlik ham diqqat markazida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.