“Naqsh” hunarmandchilik maktabi Toshkentda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Qirollik jamg‘armasi An’anaviy san’at maktabi (KFSTA) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ikki yillik kunduzgi diplom dasturini rasman boshladi. Dasturni Jamg‘arma raisi Gayane Umerova va KFSTA direktori d-r Xolid Azzam ochib berdilar. Shuningdek, ular hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan kelishuvni imzoladilar.
5-oktabr kuni dastur ilk talabalarini qabul qildi. Ta’lim jarayoni nazariy bilimlarni geometriya va naqsh, kulolchilik va koshin tayyorlash, xattotlik, bezakli rangtasvir, yog‘och o‘ymakorligi hamda boshqa an’anaviy yo‘nalishlardagi amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiradi. O‘zbekistonning boy badiiy va me’moriy merosiga tayangan holda talabalar uyg‘unlik, mutanosiblik va mahorat tamoyillarini o‘rganadilar.
Ikki yillik diplom dasturi rassom va hunarmandlarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qilib, talabalarga kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘z ijodiy amaliyotini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi. Shu orqali an’anaviy bilimlar O‘zbekiston madaniy makonining ajralmas qismi sifatida yashashda va rivojlanishda davom etadi.