“Milan Design Week” doirasida “Aoyama Design Forum (ADF)” mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlariga ko‘ra, O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi tomonidan amalga oshirilgan va “ATELIER BRÜCKNER” tomonidan ishlab chiqilgan Osaka shahridagi “EXPO 2025” uchun O‘zbekiston pavilion’i “ADF Design Award 2026” mukofotining “Hospitality” yo‘nalishida taqdirlandi. Me’mor Yannis Renner pavilionni xalqaro auditoriyaga taqdim etdi.
Laureatlar ekspozitsiyasi Milandagi “Fuorisalone” dasturi doirasida namoyish etildi. Loyihalar ko‘rgazma panellari va fizik maket shaklida taqdim etildi, saralash esa xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan amalga oshirildi. Hakamlar tarkibiga “Zaha Hadid Architects”, “Kengo Kuma & Associates” va “Dezeen” kabi nufuzli tashkilotlar vakillari kirdi.
Mazkur mukofot O‘zbekiston pavilioni loyihasining 14-xalqaro yutug‘i bo‘ldi. Avvalroq u Osaka shahrida o‘tkazilgan “EXPO 2025” doirasida “Bureau International des Expositions (BIE Awards)” oltin mukofoti, shuningdek “Red Dot Award”, “German Design Award”, “International Design Awards (IDA)”, “Exhibitor Magazine Expo Awards” (3 ta mukofot), “Fassa Bortolo Sustainable Architecture Prize”, “DDC Award”, “FRAME Awards”, “CommAwards”, “iF Design Award” hamda “BLOOLOOP Innovation Awards” kabi nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan.