Venetsiyada zamonaviy badiiy hunarmandchilikka bag‘ishlangan, dunyoning turli mamlakatlaridan vakillarni bir maydonda jamlagan “Homo Faber 2026: An Island of Light” xalqaro ko‘rgazmasida o‘zbekistonlik hunarmandlarning asarlari namoyish etilmoqda.
Ekspozitsiyadan Sanjar Kubayev va Alisher Nazirovning “Moonjars” turkumidagi sopol asarlari, shuningdek, Shavkiddin Kamolov yaratgan badiiy qaychilar o‘rin olgan. Diyorbek Abdullayev va Sabina Jo‘rayeva esa Yosh elchilar dasturi mediatorlari sifatida ko‘rgazmada O‘zbekiston nomidan ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonning ko‘rgazmadagi ishtiroki O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Mikelanjelo jamg'armasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu hamkorlik 2023-yilda Buxoroda “Homo Faber Guide” platformasining O‘zbekistonga bag‘ishlangan bo‘limi ishga tushirilishi bilan boshlangan. Bu yil “Homo Faber” 70 mamlakatdan 500 dan ortiq hunarmandni birlashtirib, 700 dan ziyod asarni namoyish etmoqda.
O‘zbekiston ishtiroki dasturi Madina Kasimbaevaning an’anaviy so‘zana kashtachiligiga bag‘ishlangan mahorat darslari bilan ham to'ldiriladi.